Fargona viloyatida joylashgan Imkoniyati cheklanganlar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-xunar maktabini Respublikamizning turli hududlaridan kelib tahsil olayotgan 100dan ortiq oʻquvchilar bugun tamomlashdi.
Ushbu dargohda Namanganlik imkoniyati cheklangan oʻquvchilar ham tahsil olishgan boʻlib, ularning soni 24 nafarni tashkil etadi.
2022 yilda ana shu kasb-hunar maktabini bitirayotgan Namanganlik yoshlarni taqdirlash uchun Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasi direktor oʻrinbosari Malikjon Qasimov, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi kasb-hunarni tashkil etish boʻyicha boʻlim boshligʻi Ahrorbek Salohiddinov, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi xoʻjalik mudiri Akramjon Ismanovlar ham bugun Fargʻona viloyatida boʻldilar.
“Biringiz oʻgʻlim, biringiz qizimsiz. Sizlarni barchangizni mana shunday dargohning qadrli bitiruvchilari boʻlganingiz bilan samimiy tabriklayman! Hayotda oʻz oʻrningizni topishingiz, qadrli va yetuk kadr boʻlib yetishishingizda biz albatta yoningizda bulamiz!”,-dedi tadbirda qatnashgan Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasi direktor oʻrinbosari Malikjon Qasimov.
Taqdirlash marosimida barcha bitiruvchilarga boshqarmaning esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir davomida bitiruvchi yoshlarning nigoxidagi quvonch, ertangi kunga umid, bugungi hayotidan mamnunlik hissini sezish qiyin boʻlmadi.
Tashkil etilgan bu kabi tadbirlar zamirida yurtboshimiz takidlaganlaridek “Inson qadri, xalq manfaatlari” yotishi shubhasizdir.