Yangiliklar
Yangiliklar
2025-01-22
Bugun viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi "2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Prezident qarori mazmun-mohiyatiga atroflicha to‘xtalib, yuklatilgan vazifalarga birma-bir e’tibor qaratdi va ijrosi bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur qaror doirasida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yil uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqiladi. Unda investitsiya kiritish hamda mahalliy sanoatni rivojlantirish, tijorat banklari tomonidan aholini doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa muhim yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar aniq belgilab olinadi.
Viloyat rahbari dasturda, shuningdek, targ‘ibotdan tortib, odamlarga ishonch beradigan, ularni ruxlantiradigan, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda olib borilishi lozim bo‘lgan tadbirlargacha rejalashtirish lozimligini ta’kidlab, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Ma’lumot uchun: qarorga asosan, viloyatda 2025 yilda ishsizlik darajasini 4,7 foizgacha va kambag‘allik darajasini 5,3 foizgacha tushirish maqsad qilingan.